Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazi
Davletyarov Azamat Sobirjonovich
Markaz direktori
Tashkilot faoliyati haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-iyundagi “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–82-son Farmoni bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) huzuridagi Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz) tashkil etildi.
Markaz Agentlik tomonidan vazirlik va idoralarning muvofiqlashtiriladigan hamda monitoring qilinadigan faoliyat yo‘nalishlaridagi xodimlari malakasini oshirish uchun hamda oilaviy bolalar uylarini tashkil etish uchun tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslarini tashkil etish bo‘yicha davlat muassasasi hisoblanadi.
Markazning ustuvor yo‘nalishlari:
vazirlik va idoralarning Agentlik tomonidan muvofiqlashtiriladigan va monitoring qilinadigan faoliyat yo‘nalishlaridagi xodimlari uchun malaka oshirish kursi;
tutingan ota-onalarni tayyorlash kursi;
mahallalarda kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish kursi;
ijtimoiy xodim assistentlari uchun malaka oshirish va qayta tayyorlash bo‘yicha o‘quv kursi;
hududiy boshqarmalar va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari rahbarlari uchun malaka oshirish va qayta tayyorlash bo‘yicha o‘quv kursi;
hududiy boshqarmalar va “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari markazlar xodimlari uchun malaka oshirish va qayta tayyorlash bo‘yicha o‘quv kursi;
imkoniyatlari cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan kasb-hunar maktablari o‘qituvchilari uchun o‘quv kursi;
alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar, ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalari o‘qituvchilari va tarbiyachilari uchun o‘quv kursi;
“Muruvvat” bolalar internat uylari tarbiyachilari uchun o‘quv kursi;
tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari xodimlari uchun o‘quv kursi;
Markaz manzili:
Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Nurxon ko‘chasi, 21 uy.
Ijtimoiy himoyani rivojlantirish instituti
Zafariy Xurshid Zafar o’g’li
Institut direktori
Tashkilot faoliyati haqida
Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy himoyani rivojlantirish instituti O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 30-sentyabrdagi 518-son qarori bilan tashkil etildi.
Institut aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ijtimoiy himoyaga muhtojlikning birlamchi sabablarini tahlil qilish, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy asoslantirilgan samarali va istiqbolli takliflar ishlab chiqish bo‘yicha muassasa hisoblanadi.
Institutning ustuvor maqsadi – adolatli va inklyuziv jamiyatni shakllantiruvchi va aholining ijtimoiy farovonligiga ta’sir qiluvchi jarayonlarni yaxshiroq tushunishdan iborat.
Quyidagilar Institutning asosiy vazifalari bo‘lib hisoblanadi:
– ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning ilmiy asoslarini yaratish;
– ijtimoiy soha dasturlarining samaradorligini baholash asosida ularni yanada takomillashtirish bo‘yicha tegishli hulosalar ishlab chiqish;
– ijtimoiy soxadagi jarayonlar bo‘yicha fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borish;
– respublikada ijtimoiy tadqiqotlarni ommalashtirish va ilmiy salohiyatni oshirishga hissa qo‘shish;
– respublika va xorijiy yetakchi ilmiy muassasa va xalqaro tashkilotlar bilan xamkorlikni mustahkamlash.
2024-yil 1-fevraldan Xurshid Zafariy Institut direktori lavozimiga tayinlandi.
Institutda 10 nafarga yaqin tajribali va yosh istiqbolli kadrlar faoliyat olib bormoqda.
Institut manzili:
Toshkent shahar, Mirobod tumani, Amir Temur ko‘chasi 105 uy.
Ijtimoiy inspeksiya
Kutpiddinov Xusniddin Muxiddinovich
Ijtimoiy inspeksiya boshlig’i
Tashkilot faoliyati haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya (keyingi o‘rinlarda Inspeksiya deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-iyundagi “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tashkil etilgan.
Inspeksiya ijtimoiy himoya sohasida huquqbuzarliklar profilaktikasini, aholini ijtimoiy himoya qilish va ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish sohasida qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi vakolatli davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
Ijtimoiy inspeksiyaning vazifalari:
ijtimoiy himoya sohasiga doir qonunchilikka rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatishga doir talab va standartlarga rioya etilishini nazorat qilish;
voyaga yetmaganlarga ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatishga doir talab va standartlarga rioya etilishini nazorat qilish;
imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga to‘siqsiz muhit yaratishga doir qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishini nazorat qilish;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi keksalar hamda yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatishga doir talab va standartlarga rioya etilishini nazorat qilish;
odam savdosi jabrdiydalari, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlar va voyaga yetmaganlar hamda muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatishga doir talab va standartlarga rioya etilishini nazorat qilish;
aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga ish o‘rinlarining eng kam soni belgilanishi va o‘qish uchun kvotalar ajratilishini nazorat qilish;
imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni parasport turlariga jalb qilinishini nazorat qilish; ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini muhofaza qilish zaruriyati, talab va shartlari to‘g‘risida keng jamoatchilik o‘rtasida axborot-tushuntirish va targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish.
hududlardagi kambag‘al oilalarni reyestrga kiritish va chiqarishning haqqoniyligini o‘rganish.
Ijtimoiy inspeksiya manzili: Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Nurxon ko’chasi, 21-uy
Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Respublika markazi
Rasulova Muqaddam Mansurjonovna
Markaz direktori
Tashkilot faoliyati haqida
Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish uchun va jabr ko‘rgan ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish hamda o‘z joniga qasd qilishning oldini olish sohasidagi ishlarni takomillashtirish bo‘yicha jami 7 ta hujjat, jumladan O‘zbekiston Respublikasining 2 ta qonuni (O‘RQ-561 va 562-sonli), O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2 ta farmoni (PF-81 va 87-sonli) va 2 ta qarori (PQ-5116 va 146-sonli), Vazirlar Mahkamasining 1 ta qarori (VMQ-625) qabul qilindi.
Shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi “Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilishga oid qo‘shma chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5116-son qarori asosida Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi tashkil etildi.
Markazlarning jami shtat birliklari 63 nafar qilib belgilangan bo‘lib, shundan: Respublika markazi 7 nafar, 14 ta Hududiy bo‘limlarga 3 nafardan va 14 ta Namunali tumanlararo markazlarga 1 nafardan xodimlar ajratilgan.
2022-yil 1-martda PF-81-son, 2022-yil 7-martdagi PF-87-sonli farmonlari, PQ-146-son qarori qabul qilinib, Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi tizimiga o‘tkazildi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-iyundagi PF-82-sonli “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida” farmonga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tasarrufiga o‘tkazildi.
Asosiy maqsadi – Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan, o‘z joniga suiqasd qilgan yoki o‘z joniga qasd qilishga moyilligi bo‘lgan xotin-qizlarga anonim tarzda shoshilinch tibbiy, psixologik, ijtimoiy, pedagogik, huquqiy va boshqa yordam ko‘rsatish.
2023-yilning 8 oy davomida Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish Respublika markazining hududiy bo‘limlarida 1 304 nafar zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlar ayollar (700 nafar) va ularning farzandlari (604 nafar) joylashtirildi.
Bundan tashqari, reabilitatsiya markazi huzuridagi 1146 “Ishonch telefoni ishlaydi. «Ishonch telefon»lari zo‘ravonlik qurboniga aylangan ayollar va qizlarimizga og‘ir vaziyatdan chiqishlariga yordam berib, ruhiy, huquqiy hamda tibbiy ko‘mak berish maqsadida 2018-yilda tashkil etilgan.
Markaz manzili:
Toshkent shahri Chilonzor tumani Dilxush 38
Nogironligi bo’lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi
Kayumov Taxir Pottaxovich
Markaz bosh shifokori
Tashkilot faoliyati haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti xuzuridagi ijtimoiy himoya Milliy Agentligiga qarashli Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazi 2006-yilda VMning №89 sonli qaroriga asosan tashkil qilingan bo‘lib respublika xududida nogironligi bo‘lgan shaxslarni(keyingilarda NBSH deyiladi) tibbiy ijtimoiy, kasbiy va psixologik reabilitatsiya qilish bilan shug‘ullanadi. Bir yilda jami 6000 atrofidagi NBSHlarga tibbiy-ijtimoiy, psixologik va kasbiy reabilitatsiya chora tadbirlarini o‘tkaziladi, shulardan 2000 dan ortig‘i Toshkent shahridan qabul qilinadi.
Respublika bo‘yicha 11 ta xududiy reabilitatsiya markazlari va Milliy markaz mavjud.
Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida reabilitatsiya markazlari mavjud emas, ochilishi
2024-yilga rejalashtirilgan.
Jami o‘rinlar soni 925 tani tashkil etadi.
Markaz ikkita hududan iborat bo‘lib 1-hudud M.Ulug‘bek tumani, Darxontepa ko‘chasi 5A-uy, ushbu hududda “Ichki kasalliklar”, “Asab kasalliklari”, “Umurtqa pog‘onasi kasalliklari”, “Xo‘jalik xisobidagi” bo‘limlari, hamda “Qabulxona, “LFK”, “Diagnostika”, “MRT-MSKT-Rentgen”, “Fizioterapiya”, “Laboratoriya”, jarrohlik va intensiv terapiya, “markaziy sterilizatsiya” bo‘linmalari faoliyat yuritadi. Markazning maydoni 1.6 ga. dan iborat.
Markazning 2-xududi Yashnobod tumani Sodiq Azimov ko‘chasi 20a-uy manzilida joylashgan.
Ushbu hududda “Jarohat asoratlari”, “Protezlash”, “Xo‘jalik” bo‘limlari, “Qabul” , “Fizioterapiya”, “OTSS”, “LFK” bo‘linmalari faoliyat yuritadi.
Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi
Muslitdinov Nodir Xojiyevich
Jamg’arma direktori
Tashkilot faoliyati haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-iyundagi “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–82-son Farmoni bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) ning Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tashkil etildi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 28-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi 687-son qarori bilan Jamg‘arma faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Jamg‘arma Ijro etuvchi direksiyasi Agentlik direktorining ruxsati bilan qonunchilikda belgilangan xarajat yo‘nalishlari bo‘yicha tegishli xarajatlarni amalga oshiradigan davlat muassasasi hisoblanadi.
Jamg‘arma mablag‘laridan quyidagi maqsadlar uchun foydalaniladi:
– Ijtimoiy himoya milliy agentlik tizimidagi barcha tashkilotlar va muassasalarning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish tadbirlari xarajatlarini moliyalashtirish shu jumladan, asbob-uskunalar, jihozlar, avtotransport vositalari, diagnostika vositalari, ixtisoslashtirilgan tibbiy-reabilitatsiya uskunalari hamda o‘quv materiallari va boshqalarni xarid qilish;
– nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun teng imkoniyatlar va qulay muhit yaratishga qaratilgan dastur va chora-tadbirlarni moliyalashtirish, shu jumladan aholini protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlash;
– yolg‘iz va yolg‘iz yashovchi keksalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirish;
– zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan shaxslarni himoya va reabilitatsiya qilish bilan bog‘liq loyiha va tadbirlarni moliyalashtirish;
– tunu-kun faoliyat ko‘rsatadigan Call-markaz xizmatini tashkil etish va takomillashtirish;
– “Ijtimoiy karta”larni joriy etish bo‘yicha tadbirlarni moliyalashtirish;
– “Ijtimoiy taksi” xizmatini tashkil etish va takomillashtirish;
– aholiga ijtimoiy yordam va xizmatlarni ko‘rsatish sohasida tajriba-loyihalarini moliyalashtirish;
– xalqaro maslahatchilar, konsalting va tadqiqot kompaniyalarini yollash, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va joriy etish chora-tadbirlarini moliyalashtirish;
– nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari tomonidan taqdim etilgan ijtimoiy mavzudagi loyihalarni moliyalashtirish;
– fuqarolar, davlat organlari va tashkilotlari xodimlari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari hamda tadbirkorlik subyektlarini “Ijtimoiy himoya fidoyisi” idoraviy ko‘krak nishoni bilan taqdirlash, mukofotlash va boshqa xarajatlarni moliyalashtirish;
– ijtimoiy himoya sohasiga homiylik qilish istagi bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar bilan amalga oshiriladigan loyihalarni birgalikda moliyalashtirish;
– Agentlik, uning hududiy bo‘linmalari va tizimdagi tashkilotlar tomonidan jalb qilingan volontyorlarni rag‘batlantirish maqsadida kiyim-bosh, sumka va boshqa xarajatlarni qoplash;
– Agentlikning axborot-kommunikatsiya tizimlarini rivojlantirish va boshqa sohalar bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun “Axborot texnologiyalar markazi davlat muassasasini moliyalashtirish.
Manzil:
Toshkent shahri, Mirobod tumani, Yangizamon 3 tor ko’chasi, 1 uy
Paralimpiyachilarning matonat maktabi
Karimova Dilfuza Kadirovna
Ijrochi direktor
Tashkilot faoliyati haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-maydagi “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-5114-son qarorida belgilangan paralimpiya harakatini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini amaliyotga bosqichma-bosqich tatbiq etish maqsadida Paralimpiyachilarning matonat maktabi (keyingi o‘rinlarda — Matonat maktabi) tashkil etildi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 6-iyundagi «Paralimpiyachilarning matonat maktabi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-270-son qarori bilan Matonat maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
2024-yil 1-yanvardan boshlab, Matonat maktabi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan holda tashkil qilindi.
Matonat maktabining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
a) yoshlar, shu jumladan jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning qo‘lga kiritgan yutuqlari, ularning ibratli hayot tarzini targ‘ib qilish sohasida:
ta’lim muassasalari, mehnat jamoalari hamda mahallarda yoshlar bilan uchrashuvlar tashkil etib, paralimpiyachilarning o‘z hayot yo‘llarida qiyinchiliklarni qanday yengib o‘tganliklari haqida suhbatlar o‘tkazish;
jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayniqsa yoshlarda halollik, vijdoniylik, vatanparvarlik, sadoqat, fidokorlik singari shaxs sifatlarini, shuningdek, milliy g‘urur tuyg‘ularini shakllantirishga ko‘maklashish;
jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayniqsa yoshlar ijtimoiy hayotining turli masalalariga doir tashabbuslar bilan chiqish, davlat organlari va tashkilotlariga taklif va tavsiyalar kiritish;
ona Vatanimiz shuhratini dunyoga tarannum etish bilan bog‘liq eng muhim tushunchalar, hayotiy va professional ko‘nikmalarni ilm-ma’rifat asosida yoshlarning qalbi va ongiga singdirib borish;
yoshlarga yuqori natijalarga erishgan shaxslarni o‘rnak qilib ko‘rsatish orqali ularni matonatli etib tarbiyalash, shu maqsadda ilmiy-amaliy anjumanlar, savol-javob, kitobxonlik kechalari, mashhur kishilar bilan uchrashuvlar tashkil etish;
yoshlarda qadimiy tariximiz va madaniyatimiz bilan, jonajon Vatanimizning mustaqilligi va ravnaqi yo‘lida fidokorona kurashgan milliy qahramonlarimiz bilan faxrlanish, ularga munosib bo‘lish tuyg‘usini shakllantirishga ko‘maklashish;
b) yoshlarni parasport turlariga keng jalb qilish sohasida:
o‘sib kelayotgan yosh avlodni paralimpiya sport turlariga jalb etish, ularni “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” g‘oyasi atrofida birlashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayniqsa yoshlar o‘rtasida maxsus ta’lim muassasalarida hamda mahallalarda jismoniy tarbiya va sport tadbirlarini o‘tkazishda qatnashish;
iqtidorli yoshlarni tanlab olish, ularni parasport turlariga yo‘naltirish hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, jamiyatda munosib o‘rin egallashlarini rag‘batlantirish;
yoshlarning xalqaro parasport tadbirlari va musobaqalari, forum va konferensiyalardagi ishtirokini ta’minlashga ko‘maklashish.
Hamjamiyatlarni mustahkamlash va ijtimoiy farovonlikni rivojlantirish markazi
Musayev Sardor Faxriddinovich
Markaz direktori
Tashkilot faoliyati haqida
O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 24-iyundagi 350-sonli qaroriga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Kolumbiya universiteti (AQSh) Ijtimoiy ish maktabi hamda UNICEF hamkorligida «Hamjamiyatlarni mustahkamlash va ijtimoiy farovonlikni rivojlantirish markazi» tashkil etildi.
Markaz ijtimoiy himoya sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shuningdek, mazkur jarayonda Agentlik tizimidagi muassasalarga ilmiy-metodologik ko‘maklashadigan muassasa hisoblanadi.
Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari bo‘lib hisoblanadi:
- ijtimoiy himoya va aholining ruhiy salomatligi sohasidagi muammolarni tadqiq etish hamda hal qilishga qaratilgan takliflar ishlab chiqish;
- ijtimoiy ish sohasida xalqaro standartlar talablariga mos keluvchi akademik tizimni joriy etish va mustahkamlash;
- ijtimoiy himoya muammolarini hal etishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish va ishga tushirish;
- ijtimoiy himoya sohasida ish jarayonlarini tashkil etish metodologiyasini yaratishga ko‘maklashish orqali O‘zbekistonda professional ijtimoiy ish tizimini joriy etishni qo‘llab-quvvatlash;
- ijtimoiy xizmatlarni mahalla darajasida tashkil etish bo‘yicha ilmiy tavsiyalar ishlab chiqish;
- Agentlik tizimidagi ilmiy-tadqiqot va malaka oshirish muassasalari faoliyatiga uslubiy ko‘maklashish;
- Kolumbiya universitetining Ijtimoiy ish maktabi bilan hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;
- qonunchilikka muvofiq shartnoma asosida kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish.