Byurokratiyani bartaraf etish — 2030

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoyishi

Davlat boshqaruvini raqamli transformatsiya qilish va samaradorligini oshirishga qaratilgan tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida

Davlat xizmatlarini koʻrsatish bosqichlarini maqbullashtirish, jismoniy va yuridik shaxslarga ortiqcha majburiyatlar yuklatilishining oldini olish, davlat tashkilotlari, aholi va biznes oʻrtasida raqamli muloqotni toʻlaqonli yoʻlga qoʻyish va bu boradagi islohotlar samaradorligini oshirish maqsadida qaror qilaman: 1. 2026-yil 1-yanvardan boshlab davlat boshqaruvini raqamli transformatsiya qilish va samaradorligini oshirishga qaratilgan “Byurokratiyani bartaraf etish — 2030” dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) ishga tushirilsin va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin: (a) davlat xizmatlaridan tez va qulay foydalanish orqali fuqarolarning hayot sifatini yaxshilash; (b) tadbirkorlikni ragʻbatlantirish, xorijiy investitsiyalar uchun jozibadorlikni oshirish; (v) raqamli va davlat boshqaruvi sohalarida mamlakatimizning ijobiy imijini shakllantirish; (g) ortiqcha tartib-taomillarni bartaraf etish va jarayonlarning shaffofligini oshirish orqali suiisteʼmolchilik xavfini kamaytirish. 2. Dasturning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish maqsadida Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) huzurida loyiha ofisi tashkil etilsin hamda uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin: (a) Dasturni muvaffaqiyatli amalga oshirish masalalari boʻyicha xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish; (b) Dastur doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar boʻyicha “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish va tasdiqlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rejalashtirish va rivojlanish boʻyicha muvofiqlashtiruvchi kengashga kiritish; (v) har yil yakunida vazirlik va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari (keyingi oʻrinlarda — davlat tashkilotlari) tomonidan davlat boshqaruvida byurokratiyani bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar samaradorligini baholash, eʼlon qilish hamda davlat tashkilotlari va tashabbuskorlarni ragʻbatlantirish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritish. 3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, byurokratiyani bartaraf etish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish va koʻrib chiqish, bu borada amalga oshirilgan ishlarning samaradorligini baholash Agentlik operatori va mulkdori hisoblanadigan “Zero Bureaucracy” raqamli platformasi orqali amalga oshiriladi. 4. Dastur doirasida belgilangan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va samarali amalga oshirilishini taʼminlash hamda aniq natijalarga erishish uchun davlat tashkilotlarining birinchi rahbarlari shaxsan masʼul ekanligi koʻrsatib oʻtilsin. 5. Agentlik bir oy muddatda: (a) loyiha ofisi faoliyati yoʻlga qoʻyilishi uchun zarur tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirsin; (b) “Byurokratiyani bartaraf etish” milliy mukofot tanlovini oʻtkazish reglamenti loyihasini Oʻzbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasiga kiritsin. Bunda mazkur tanlovni har yili oʻtkazib borish nazarda tutilsin; (v) Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda “Zero Bureaucracy” raqamli platformasi ishga tushirilishini va muntazam yangilab borilishini taʼminlasin. 6. Mazkur farmoyish ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.

Toshkent sh., 2025-yil 28-noyabr, F-68-son

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV