O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING IJTIMOIY HIMOYA BO‘YICHA MASLAHATCHISI – IJTIMOIY HIMOYA MILLIY AGENTLIGI DIREKTORINING MUROJAATI

Hurmatli hamkasblar! Aziz yurtdoshlar!Korrupsiya — davlat va jamiyat taraqqiyotiga jiddiy tahdid soluvchi, fuqarolarning adolat va davlat institutlariga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazuvchi illatdir. Shu bois mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholiga sifatli va manzilli ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, ehtiyojmand fuqarolar huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish bilan bir qatorda, korrupsiyaga qarshi kurashish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan tizimda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, byurokratik to‘siqlarni kamaytirish, inson omilini qisqartirish hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olishga qaratilgan zamonaviy mexanizmlar izchil joriy etilmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy xizmatlarni raqamlashtirish, fuqarolarning murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqish, davlat xizmatlaridan foydalanishda tenglik va adolat tamoyillarini ta’minlash ustuvor vazifalarimizdan biridir. Biroq ochiq tan olishimiz kerak — tizimda korrupsiya, tamagirlik, manfaatlar to‘qnashuvi, byurokratiya va xizmat vakolatlaridan noto‘g‘ri foydalanish kabi salbiy holatlar hali ham uchrab turibdi. Bunday holatlarga befarq qarash — nafaqat davlat manfaatlariga, balki ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarning qonuniy huquq va manfaatlariga ham zarar yetkazadi. Shu sababli korrupsiyaga qarshi kurashishni faqat mas’ul xodimlarning emas, balki har birimizning fuqarolik burchimiz va vijdoniy mas’uliyatimiz, deb bilishimiz lozim. Tizimdagi har qanday kamchilikni yashirish emas, uni o‘z vaqtida aniqlash, sabablarini bartaraf etish va takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik — umumiy vazifamizdir. Hurmatli yurtdoshlar! Agar Siz Agentlik markaziy apparati, hududiy boshqarmalari, tizim tashkilotlari va muassasalari xodimlarining korrupsiyaviy xatti-harakatlariga guvoh bo‘lsangiz, tamagirlik, manfaatlar to‘qnashuvi yoki qonunchilikka zid boshqa holatlar haqida ma’lumotga ega bo‘lsangiz, bu haqda tegishli tartibda murojaat qilishingizni so‘rayman. Sizning murojaatingiz, fikr va takliflaringiz tizimdagi muammolarni aniqlash, ularga yechim topish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar sifatini yanada oshirishda muhim ahamiyatga ega. Maqsadimiz shaffof, adolatli va inson manfaatlariga xizmat qiladigan ijtimoiy himoya tizimini barpo etishdir! Zero, korrupsiyaga qarshi kurashish va qonun ustuvorligini ta’minlashda ishtirok etish har birimizning fuqarolik burchimizdir. Mansurbek Olloyorov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ijtimoiy himoya bo‘yicha maslahatchisi – Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori.