IJTIMOIY HIMOYA:FAKT VA RAQAMLARDA

📄 Batafsil ko‘rish
Mamlakatning kun tartibidagi asosiy masalalaridan biri ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning farovonligini oshirish masalalaridir. Yaqin davrga qadar ijtimoiy himoya tizimini muvofiqlashtiruvchi va mazkur sohada davlat siyosatini olib boruvchi organ va umuman olganda yagona qarash mavjud bo‘lmagan.
Vazirlik va idoralarga yuklatilgan vazifalarning takrorlanishi sababli yagona ma’lumotlar bazasini markazlashgan holda yuritilishiga imkon bo‘lmagan. Aholiga sifatli hamda manzilli ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan 2023-yil 1-iyun kuni Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi.
Ijtimoiy himoya sohasida davlat siyosatini yurituvchi yagona organ tashkil etilishi Jahon banki, Xalqaro mehnat tashkiloti va YUNISEF tomonidan qo‘llab-quvvatlangan hamda tashkil etish jarayonida ekspertlar hamkorligi ta’minlangan.
6 ta vazirlik va idoralarning tuzilmalaridagi muassasalar Agentlik tasarrufiga o‘tkazildi. Respublika byudjetidan ijtimoiy himoyaga 2016-yilda 2 trillion so‘m sarflangan bo‘lsa, 2024-yilga kelib 9,8 baravarga oshib, taxminan 20,3 trillion so‘mga yetdi.
Bu mablag‘ YAIMning 1,4 foizini tashkil etmoqda, bu esa ijtimoiy himoyaning rivojiga katta hissa qo‘shilayotganligidan dalolat. Taqdim etilayotgan mazkur jurnalda (Factbook) ijtimoiy himoya sohasida qisqa vaqt mobaynida amalga oshirilgan o‘zgarishlar va erishilgan natijalar fakt va raqamlar orqali ifoda etilgan. Ushbu raqamlardan islohotlarning ko‘lami, mohiyati va aholi hayotiga ijobiy ta’siri haqida axborot olish mumkin.