Vodiy darvozasi - Dang‘arada "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi binosi foydalanishga topshirildi
13 Noyabr, 2023
471
Bugungi kunda Farg‘ona viloyatida 87 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslar, qariyb 3 ming nafar o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar va 3,5 mingdan ziyod protez-ortopediya moslamalariga muhtojligi bo‘lgan shaxslar istiqomat qiladi.
Bu fuqarolarga avvallari turli vazirliklar tizimida tarqoq holda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatib kelingan bo‘lsa, endilikda boshqaruvning eng quyi bo‘g‘imi – mahalla darajasida professional ijtimoiy xizmat yo‘lga qo‘yilmoqda.
Binobarin, Dang‘ara tumanida bugun foydalanishga topshirilgan «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi hamda mahallalardagi ijtimoiy xodimlar tomonidan 26 turdagi ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatiladi. Bu xizmatlar soni ortib, kelgusi yildan yana yangi 23 ta ijtimoiy xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi.
Markaz binosining foydalanishga topshirilishi munosabati bilan tashkillangan tantanali tadbirda Farg‘ona viloyati hokimligi, hududiy boshqarma va mahalliy hokimlik mas’ullari, nuroniylar, ijtimoiy xodimlar, shuningdek, keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Tadbirda so‘z olganlar, Yangi O‘zbekistonda inson qadri ulug‘lanib, xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilayotgani, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari esa ushbu xalqchil tamoyilning hayotga keng tatbiq etilishida yetakchi bo‘lishini ta’kidladilar.
Markazda xodimlar va fuqarolar, xususan nogironligi bo‘lganlar uchun yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Yakunda, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida markaz hovlisiga 100 dan ziyod manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.







