Sayyor qabul: Murojaatlarni joyiga borib o‘rganish va ijobiy hal etish yo‘lida
28 May, 2024
1049
Aholi murojaatlari bilan ishlash, fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolarga huquqiy yechim topish maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan aniq chora-tadbirlar asosida hududlarda sayyor qabullar tashkil etib kelinmoqda.
Xususan, Agentlik direktorining maslahatchisi Sherzod Askarov boshchiligida ishchi guruh tomonidan Nukus shahridagi joylashgan “Yoshlar markazi”da aholi muammolarini o‘rganish va ularga qonuniy yechim topish maqsadida sayyor qabul o‘tkazildi.
Unda fuqarolardan, asosan, nogironlik aravachalari olish, yolg‘iz keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslar ro‘yxatiga kiritish, sanatoriylarga yo‘llanma berish, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bolalarni parvarishlash nafaqasi, nogironlik pensiyasi va nafaqasini hisoblash, tayinlash va to‘lash, ijtimoiy nafaqalar tayinlash, davolanishga order olish va boshqa shu kabi murojaatlar kelib tushdi.
Muammolarning aksariyati joyida hal etilib, ma’lum vaqt talab etgan masalalar yuzasidan mas’ullar biriktirilib, ijrosi nazoratga olindi.
Muxtasar aytganda, bugun hech bir murojaat shunchaki qog‘ozlarda qolib ketmayapti. O‘tkazilayotgan sayyor qabullar muammolarni aniqlash, joyida hal qilish, ularni bartaraf etish maqsadlariga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.