Rasmiy munosabat
23 Noyabr, 2023
6322
Joriy yilning 22-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati, Nurafshon shahrida ro‘yxatda turuvchi muqaddam sudlangan fuqaro V.A. Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan gul do‘konlaridan biriga voyaga yetmagan farzandi V.I kirib gul so‘ragan vaqtida mast holatda qizini orqasidan kirib haqoratlab, uni urishib, do‘kondan olib chiqayotganligi aks etgan video material tarqaldi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan holat yuzasidan tegishli o‘rganishlar olib borish maqsadida shu kunning o’zidayoq zudlik bilan ishchi guruh tuzilib, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra fuqaro V.A. turmush o’rtog’i bilan birga yashamasligi, doimiy ravishda spirtli ichimlik iste’mol qilishi, doimiy ish joyiga ega bo‘lmaganligi sababli, Toshkent shahridagi bir qator tumanlarda ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarning egalari bilan kelishib, uy yo‘laklarini tozalab kunlik daromad topishi aniqlandi.
Hozirgi kunda fuqaro V.A Toshkent shahar ayollarni reabilitatsiya va moslashtirish markaziga joylashtirildi. Voyaga yetmagan V.I Toshkent shahar Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilib, psixolog va pedagoglar tomonidan uning ruhiy holatini yaxshilash yuzasidan ishlar amalga oshirilmoqda.
Ona va bolaga yordam ko‘rsatish maqsadida «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlarining mas’ul xodimlari biriktirilib, mazkur holatning kelib chiqishi va uni bartaraf etish yuzasidan kompleks o‘rganishlar davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 1-iyundagi PF-82-son Farmoniga asosan Agentlik aholini ijtimoiy himoya qilish va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi. Shu jumladan, Agentlik voyaga yetmagan bolalarni himoya qilish yo‘nalishida bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish uchun mas’uldir.
Agentlik tomonidan ishlab chiqilayotgan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida ota-onalarning farzandlariga nisbatan bunday munosabatlariga qonuniy jazo choralarini qo’llashni nazarda tutuvchi normalar kiritilganligini eslatib o’tamiz.