Qorako'l tumanida "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazi o'z faoliyatini boshladi
15 Noyabr, 2023
743
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami, kam ta’minlangan oila vakillari, nogironlar bilan ishlash tizimini rivojlantirishda yurtboshimiz tashabbusi bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligining tashkil etilishi muhim qadam bo’ldi.
Tajriba sifatida respublikamizning 28 ta hududida faoliyat boshlayotgan «Inson» ijtimoiy xizmatlari markazlari esa ijtimoiy soha taraqqiyoti chinakam yangilik bo’ldi, desak mubolag’a bo’lmaydi.
Xuddi shunday markazlardan biri bugun, 2023-yilning 14-noyabr kuni Buxoro viloyatining Qorako’l tumanida ham tashkil etildi.
Tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi o’rinbosari Mirali Hamroyev, tuman hokimi Xurshid Toxirov, Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi rahbari Umid Umarov, nuroniylar, mahalla faollari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ochilish marosimida so’z olganlar yangi «Inson» ijtimoiy xizmatlari markazi faqat xalq manfaatlari uchun xizmat qilishi lozimligini ta’kidlab, markaz xodimlari faoliyatiga omad tilashdi.
Qorako‘l tumanida foydalanishga topshirilgan «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi hamda mahallalardagi ijtimoiy xodimlar tomonidan 26 turdagi ijtimoiy xizmat va yordamlar ko‘rsatiladi. Bu xizmatlar soni ortib, kelgusi yildan yana yangi 23 ta ijtimoiy xizmat yo‘lga qo‘yiladi.
Markazda xodimlar va fuqarolar, xususan, nogironligi bo‘lganlar uchun yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi. «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida markaz hovlisiga 50 dan ziyod manzarali daraxt ko‘chati ekildi.