Onlayn ariza shakli



    Qonun ustuvor – jazo muqarrar

    18 Mart, 2024

    656

    15-mart kuni Samarqandda yuz bergan voqeaga ishonish qiyin boʻlsada, har qanday muammoning yechimi uni qabul qilishdan boshlanishini tushunishimiz kerak. Majburiy ravishda kishanband qilingan oʻsmirga malakali psixologlar tomonidan zarur yordam koʻrsatilmoqda, ayni paytda uning salomatligiga hech narsa tahdid solayotgani yoʻq.

    Qonunbuzarga nisbatan Jinoyat kodeksining 138-moddasi (Zoʻrlik ishlatib gʻayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan hamda hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Jamoatchilikni larzaga keltirgan bu hodisa koʻrilayotgan chora-tadbirlar bolalarga nisbatan zoʻravonlik holatlariga barham berish uchun hali yetarli emasligini koʻrsatib qoʻydi. Qolaversa, bu qonunbuzarlik barchamiz uchun muborak Ramazon oyida sodir etilgani kishini battar qaygʻuga soladi.

    Yurtimizda birorta ham voyaga yetmagan shaxs bunday holatga tushib qolmasligi uchun jamiyatimizda bolalarga nisbatan zoʻravonlikning har qanday koʻrinishiga nisbatan murosasiz munosabat shakllanishi yoʻlidagi saʼy-harakatlarimizni davom ettiramiz.

    Kezi kelganda aytishim kerakki, mazkur jinoyat fosh boʻlishiga hissa qoʻshgan, oʻz vaqtida ichki ishlar organlariga xabar bergan hushyor va gʻamxoʻr jamoatchilik vakillaridan chin dildan minnatdorman. Ularning yordami bilan oʻsmir uchun yanada ayanchliroq zoʻravonliklarga duchor boʻlishining oldi olindi.

    Samarqandda roʻy bergan voqea Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan nazoratga olingan. Biroq biz quruq bayonot bilan cheklanib qolmay, jabrlanuvchining sogʻlomlashtirilishi, taʼlim olishi va normal sharoitda yashashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilishi uchun gʻamxoʻrlik koʻrsatadi. Kim boʻlishidan qatʼi nazar qonunbuzarga nisbatan jazo muqarrarligi taʼminlanishiga ishontirib qolaman.

    Shahnoza Mirziyoyeva

    Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o’rinbosari

    Ulashish

    Neotechda ishlab chiqilgan