O‘zbekistonda aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish Jahon banki bilan hamkorlikdagi “INSON” loyihasi doirasida yaxshilanadi
27 May, 2024
1517
Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonga aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini qamrab olish bo‘yicha innovatsion ijtimoiy himoya tizimi (INSON) loyihasini amalga oshirish uchun 100 million AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Loyiha O‘zbekistonning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati va sifatini oshirishga qaratilgan.
Loyiha aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, jumladan, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, gender zo‘ravonlik qurbonlari va kam ta’minlangan bolalar uchun sifatli ijtimoiy xizmatlar va imtiyozlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha hukumat sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Mamlakatni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasida (O‘zbekiston – 2030 strategiyasi) professional ijtimoiy xizmatlar tizimini tubdan takomillashtirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini yaratish, ular uchun qulay va maqbul sharoitlar yaratish, ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini tubdan takomillashtirish, ayollarni qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, shuningdek, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish, gender tengligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun O‘zbekiston mahalliy jamoalar miqyosida (ko‘p funksiyali markazlarda tuman darajasida) ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishning muqobil usullarini va ijtimoiy xizmatlar sifati standartlarini joriy etish, shuningdek, aholini ijtimoiy muhofaza qilish integratsiyasini yaxshilash uchun katta mablag‘ sarflashi kerak bo‘ladi.
Bu aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qamrab olishni kuchaytiradi, ularning sinovlarga (iqlim o‘zgarishlari va boshqalar sabab bo‘ladigan) chidamliligini oshiradi, ularning farovonligi va mehnat bozoridagi istiqbollarini yaxshilaydi.
“INSON loyihasi O‘zbekistonda ijtimoiy himoyani kuchaytirish va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari hayot sifatini yaxshilash yo‘lidagi muhim qadamdir. Jahon bankining ko‘magi va ilg‘or ijtimoiy xizmatlarning joriy etilishi tufayli biz zarur resurslardan foydalanish va mamlakatimizning barcha muhtoj fuqarolarini qo‘llab-quvvatlashni ta’minlaydigan inklyuziv va adolatli tizimni yarata olamiz”, – dedi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov.
“Biz Oʻzbekiston hukumatining ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini har tomonlama va samarali qoʻllab – quvvatlash maqsadida milliy ijtimoiy himoya tizimi salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini olqishlaymiz”, – dedi Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli. “Loyiha Oʻzbekistonda “gʻamxoʻrlik iqtisodiyoti” sektorining huquqiy va institutsional asoslarini rivojlantirishga koʻmaklashadi. Shuningdek, u minglab odamlar, jumladan, keksa fuqarolar, nogironligi bor shaxslar, oiladagi zoʻravonlik qurbonlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalar uchun haligacha mavjud boʻlmagan zarur ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilashni qoʻllab-quvvatlaydi”.
2029 yilda, prognozlarga ko‘ra, loyiha tugaguniga qadar:
– respublikaning 55 ta yangi tashkil etiladigan hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlarida 57 000 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi sifatli ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi;
–20 000 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs yangi turdagi zamonaviy reabilitatsiya xizmatlarini oladi;
– ijtimoiy himoyaga muhtoj toifadagi 7 000 bola hududiy ijtimoiy xizmat ko‘rsatish markazlarida xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi;
– Toshkent, Farg‘ona va Samarqand shaharlaridagi 4 ta namunaviy inklyuziv kasb-hunar ta’limi markazlarida 1 200 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs o‘qitilgandan so‘ng bandligi ta’minlanadi;
–“Inson” markazlari xodimlari iqlim oʻzgarishiga va moslashuvchan ijtimoiy himoya bo‘yicha o‘qitiladi;
– Case-management (ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash) tizimi orqali ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish uchun baholangan va yo‘llanma olgan kam ta’minlangan oilalar soni ko‘payadi;
– ijtimoiy xizmatlar sifatini monitoring qilishning zamonaviy standartlari va vositalarini ishlab chiqish hisobiga ularning sifati oshadi;
–hududiy ijtimoiy xizmatlar markazlari (HIXM) negizida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda nodavlat sektorning ishtirokini oshiriladi;
–aholining iqlim o‘zgarishlariga tayyorgarligi oshadi va ular iqtisodiy integratsiya, iqlimga moslashish, qishloq xo‘jaligi texnologiyalari va suv resurslarini boshqarish bo‘yicha o‘qitiladi;
– zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollarga 20 ta ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlarida keng qamrovli xizmatlar shu jumladan, kasbiy ko‘nikmalarga o‘rgatiladi;
– hududiy ijtimoiy xizmat ko‘rsatish markazlari xizmatlaridan foydalanadigan nogiron bolalarni parvarish qilayotgan shaxslarning iqtisodiy faolligi oshadi.
Loyihani ishlab chiqishda tegishli agentlik va idoralar, xususan, Tadbirkor nogiron-ayollar milliy assotsiatsiyasi, Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi, “Yuksalish” umummilliy harakati, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, “Ezgu amal” jamoat fondi, “SABR” Respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi va 20 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlar, jamiyatlar, assotsiatsiya va markazlar ishtirok etdi.