Onlayn ariza shakli



    IJTIMOIY KARTA AFZALLIKLARI

    16 Yanvar, 2025

    3133

    Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan maʼlumotlarga oydinlik kiritish uchun ijtimoiy karta toʻgʻrisida quyidagilarni maʼlum qilamiz

    Ijtimoiy karta tajriba-sinov bosqichida Toshkent shahri va Toshkent viloyatining Yanigyoʻl tumanida joriy etildi.

    Bunda, ijtimoiy karta 2024-yilning dekabr oyidan boshlab yangi tayinlangan 9 turdagi ijtimoiy toʻlovlar oluvchi shaxslarga taqdim etilmoqda. Ushbu shaxslarga ijtimoiy kartalar bepul beriladi va dastlab toʻlov vositasi (bank kartasi) funksiyasini bajaradi.

    2024-yil 1-dekabrdan boshlab quyidagi to‘lovlar ijtimoiy karta orqali to‘lab berilmoqda.

    1. Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi
    2. Kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam
    3. Yoshga doir nafaqa
    4. Nogironlik nafaqasi
    5. Yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun har oylik moddiy yordam
    6. Nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarga nogironlik nafaqalari
    7. Nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan onalar uchun nafaqa
    8. Protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari xaridi uchun vaucher
    9. Boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi

    2025-yil 1-apreldan boshlab ushbu hududlar (Toshkent shahri va Toshkent viloyatining Yanigyo‘l tumanida) bo‘yicha yana qo‘shimcha 2 turdagi ijtimoiy to‘lovlar ijtimoiy karta orqali to‘lab beriladi.

    • Homiladorlik va tug‘ish nafaqasi
    • “Saxovat va ko‘mak”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg‘armalari hisobidan to‘lanadigan bir martalik moddiy yordamlar».

    Ijtimoiy karta quyidagi toifadagi shaxslarga bepul beriladi

    1. Kambagʻal oilalar reestriga kiritilgan oilalar (shaxslar)
    2. “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi orqali kam taʼminlangan deb eʼtirof etilgan oilalar
    3. Koʻp bolali oilalarning aʼzolari
    4. Nogironligi boʻlgan shaxslar
    5. Oʻzgalar parvarishiga muhtoj shaxslar boʻlgan yolgʻiz yashovchi va yolgʻiz keksalar
    6. Oʻzgalar parvarishiga muhtoj shaxslar parvarishi bilan band boʻlgan shaxslar
    7. Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar
    8. Vasiylar (homiylar), tutingan ota-onalar
    9. Muomalaga layoqatsiz shaxslar
    10. Muomala layoqati cheklangan shaxslar
    11. Muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan shaxslarning qonuniy vakillari
    12. Pensionerlar
    13. Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan stipendiya toʻlanayotgan talabalar
    14. Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan stipendiya toʻlanayotgan oʻquvchilar (tinglovchilar)
    15. Shahar yoʻlovchi transportidan (taksidan tashqari) bepul foydalanish huquqiga ega boʻlgan shaxslarga.

    Ijtimoiy karta funksiyalari bosqichma-bosqich kengaytirib boriladi

    2025-yilning 1-aprelidan boshlab transport kartasi va imtiyozli transport kartasi funksiyalarini ham bajaradi. Yaʼni jamoat transportida imtiyozli yoki bepul foydalanish huquqiga ega boʻlgan shaxslar, belgilangan imtiyozli yoki bepul tarifdan foydalangan holda, imtiyozga ega boʻlmagan shaxslar umumbelgilangan transport tariflarida transportdan foydalanishlari mumkin boʻladi.

    Ushbu funksiyani joriy etish maqsadida tegishli axborot tizimlarini integratsiya qilish boʻyicha ishlar amalga oshirilmoqda.

    Tajriba sinov bosqichida ijtimoiy karta ochish uchun elektron arizalar “Inson” ijtimoiy xizmatlari markazlari orqali qabul qilinmoqda.

    Keyinchalik fuqarolar Yagona davlat interaktiv xizmatlari portali, “Ijtimoiy karta” mobil ilovasi orqali hamda ijtimoiy karta boʻyicha belgilangan Moliyaviy agentlarning boʻlinmalari (AT “Xalq banki”, AT “Aloqabank” ) orqali murojaat etishlari mumkin boʻladi.

    Ijtimoiy karta ariza berilgan kundan boshlab 3 ish kuni ichida taqdim etiladi. Oʻzgalar parvarishiga muhtoj ayrim shaxslarga “Inson” ijtimoiy xizmatlari markazlari tomonidan 15 kun ichida ijtimoiy kartalar ularning yashash joyiga yetkazib beriladi.

    Ijtimoiy karta 2025-yil 1-iyuldan boshlab bosqichma-bosqich respublikaning barcha hududlariga joriy etiladi.

    Ulashish

    Neotechda ishlab chiqilgan