Ijtimoiy himoya milliy agentligi nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida quyidagi davlat ijtimoiy buyurtmasini E’LON QILADI
10 Fevral, 2024
1337
Tanlov tashkilotchisi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi.
Manzil: Toshkent shahri, Mirobod tumani, Yangizamon 3-tor ko‘cha, 1-uy (ihma@exat.uz).
№ | Davlat ijtimoiy buyurtmasining tavsifi | Bajarish muddati | Mablag‘ bilan ta’minlash manbalari | Ajratilgan mablag‘ |
1. | Ustuvor yo‘nalish: Toshkent shahrida nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlash (ishga joylashtirish). Maqsad: Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ish bilan ta’minlash, ish joyiga moslashib ketishiga ko‘maklashish, bu orqali ularni jamiyatda mustaqil hayot kechirishlarini qo‘llab-quvvatlash. Vazifalar: Ishsiz nogironligi bo‘lgan shaxslarni aniqlash, ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarini onlayn shakllantirish, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mavjud bo‘sh ish o‘rinlarini izlab topish. 12 oy davomida Toshkent shahrida 300 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish. Ish beruvchilarning nogironligi bo‘lgan xodimlar mehnati huquqlaridan xabardorligini oshirish. Ishga joylashtirilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarni mehnat munosabatida davom etayotganligini aniqlash maqsadida ular haqida tizimli monitoring olib borish. | 12 oy | Ijtimoiy himoya milliy agentligining Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan | 480 mln. so‘m |
Ijtimoiy ahamiyatga molik bo‘lgan loyihani amalga oshirishda davlat ijtimoiy buyurtmasining shartlari:
– ijrochi-tashkilot (talabgor) belgilangan tartibda nodavlat notijorat tashkilot sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lishi zarur;
– davlat ijtimoiy buyurtmasini bajarish doirasida amalga oshiradigan faoliyatning nodavlat notijorat tashkilotining ustavidagi vazifalarga muvofiq kelishi;
– nodavlat notijorat tashkilotida loyihani amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan kadrlar va texnik imkoniyatning mavjudligi;
– nodavlat notijorat tashkiloti ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalar va dasturlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish borasidagi tajribaning mavjudligi;
– loyihani amalga oshirish haqidagi shartnomani sifatli va o‘z vaqtida bajarish, uni amalga oshirish vaqtida ajratilgan mablag‘lardan maqsadli foydalanishda ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash, amaldagi qonunchilik hujjatlariga to‘liq rioya etish.
Davlat ijtimoiy buyurtmasi berilishi uchun quyidagi hujjatlar taqdim etilishi zarur:
– ariza taqdim etayotgan nodavlat notijorat tashkilotining rahbari imzosi va muhr bilan tasdiqlangan kuzatuv xati;
– ilovadagi shaklda to‘ldirilgan davlat ijtimoiy buyurtmasi loyihasi uchun ariza;
– oxirgi o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan davlat ro‘yxatidan o‘tgan nodavlat notijorat tashkilotning ustavi (nizomi) nusxasi;
– tashkilotning davlat ro‘yxatidan o‘tganligini tasdiqlovchi guvohnoma nusxasi;.
– agar loyihani amalga oshirish litsenziyalanadigan faoliyatni talab qilsa, unda litsenziyaning nusxasi taqdim etiladi.
Hujjatlar 2024-yil 12-fevraldan 12-martgacha qabul qilinadi.
Taqdim etilgan loyihalar Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi jamoatchilik kengashi tomonidan tegishli baholash mezonlariga asosan ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilinadi va g‘olib bo‘lgan talabgor Agentlikning rasmiy veb sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilinadi.
Hujjatlar Ijtimoiy himoya milliy agentligi nomiga “O‘zbekiston pochtasi” orqali muhrlangan konvertda (A4 format) quyidagi manzil bo‘yicha qabul qilinadi: 100105, Toshkent shahri, Mirobod tumani, Yangizamon 3-tor ko‘cha, 1-uy yoki ihma@exat.uz.
Davlat ijtimoiy buyurtmalarini berish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-fevraldagi 135-son qarori (https://lex.uz/docs/-3568990) va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan tartibga .
Ma’lumot uchun telefonlar: (71) 239-59-24, (71) 239-59-53.