Ijtimoiy himoiya milliy agentligi va Uzum Market reabilitatsiya vositalari bilan ta'minlash bo‘yicha qo‘shma loyihani ishga tushirdi
14 May, 2024
854
Ijtimoiy himoya milliy agentligi va “Uzum Market” milliy marketpleysi tashabbusi bilan muhtoj shaxslarga respublika bo‘ylab joylashgan istalgan yetkazib berish punktlari orqali reabilitatsiya vositalarini buyurtma qilish imkoniyati yaratildi.
Muhtoj shaxslar subsidiya olish uchun murojaat qilganida, Uzum Market’da RTV mahsulotlarini sotib olish uchun maxsus promo-kodni qo‘lga kiritadilar. Xizmat hozirda test rejimida Toshkent shahri va Samarqand viloyatining bir qancha tumanlarida mavjud bo‘lib, muvaffaqiyatli sinovdan so‘ng, respublikaning barcha viloyatlari aholisi zarur reabilitatsiya uskunalarini sotib olish uchun yo‘llanmalar olishlari mumkin bo‘ladi.
“Bizning vazifamiz nogironlarning to‘laqonli hayot kechirishiga ko‘maklashish, ularni reabilitatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan barcha vositalar: qo‘ltiqtayoq, nogironlik aravachasi va boshqa zarur vositalar bilan ta’minlashdan iborat”, – deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov. — Uzum Market bilan hamkorligimiz tufayli biz butun mamlakat bo‘ylab eng zamonaviy texnologik yechimlar va ulkan infratuzilmadan foydalanishimiz mumkin. Demak, minglab O‘zbekiston fuqarolari uchun kundalik muammolarni hal qilish, odatdagi turmush tarziga qaytish va sevimli ishi bilan shug‘ullanish ham osonlashadi.
“Biz qurgan va rivojlantirishda davom etayotgan infratuzilma yordam berishi kerak – bu “Uzum Market”ning ishlash tamoyillaridan biridir”, – deydi marketplays bosh direktori Ilshat Xametov. – Ijtimoiy himoya agentligi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘ygan loyihamiz ham biz uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Joriy yilda mamlakatimiz bo‘ylab 200 dan ortiq aholi punktlarini qamrab olgan holda yetkazib berish punktlari tarmog‘ini 3 barobarga oshirishni mo‘ljallayapmiz, bu esa yordamga haqiqatan ham muhtojlar uchun yanada qulayroq imkoniyat yaratilishini anglatadi.
Muhtoj shaxslar uchun barcha promo-kodlari telefon raqamlariga bog‘langan va faqat ishonchli sotuvchilarning mahsulotlari uchun amal qiladi. Promo-kod yordamida O‘zbekiston fuqarolari ma’lum toifadagi tovarlarni xarid qilishda chegirma olishlari mumkin bo‘ladi. Promo-kodda esa IHMA ma’lumotlar bazasida ro‘yxatdan o‘tgan telefon raqamiga bog‘langan akkaunt orqali bir marta foydalanishi mumkin.