Onlayn ariza shakli



    Idoralararo samarali hamkorlik: oilaviy zo‘ravonlik jabrlanuvchilarini himoya qilishning asosiy sharti" mavzusida davra suhbati tashkil etildi

    28 May, 2024

    1141

    Joriy yilning 28-may kuni Ijtimoiy himoya milliy agentligi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda «Idoralararo samarali hamkorlik: oilaviy zo‘ravonlik jabrlanuvchilarini himoya qilishning asosiy sharti» mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

    Mazkur tadbirda Agentlik rahbariyati va mas’ul xodimlari bilan bir qatorda, Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, BMT Taraqqiyot dasturi, BMT Aholishunoslik fondi, BMT Ayollar tuzilmasi vakillari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

    Davra suhbatini o‘tkazishdan asosiy maqsad mamlakatda oilaviy zo‘ravonlik jabrlanuvchilarini ijtimoiy himoya qilish bo’yicha amalga oshirilgan ishlar, qabul qilingan asosiy normativ-huquqiy hujjatlar haqida ma’lumot berish, shuningdek, jabrlanuvchilarni himoya qilishda idoralararo hamkorlikni yo’lga qo’yishga qaratildi.

    Xususan, Agentlik tomonidan “Tazyiq va zo’ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko’rsatishni takomillashtirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar – to’g’risida”gi PQ -175 -sonli qarori haqida ma’lumot berildi. Endilikda tazyiq va zo’ravonlikdan jabrlangan shaxslarga “oila-mahalla-tuman va hudud” tamoyili asosida kompleks ijtimoiy xizmatlar ko’rsatiladi. 2024-yil 1-iyundan boshlab “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarida ijtimoiy, psixologik va yuridik xizmatlar ko’rsatiladi.

    Ichki ishlar organlarining “102” raqami bilan xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo’ravonlik holati bo’yicha kelib tushadigan murojaatlar ro’yxatga olinadi hamda tazyiq va zo’ravonlik holatida 24 soat davomida qilinishi zarur bo’lgan harakatlar ketma-ketligi yo’lga qo’yilmoqda.

    Bundan tashqari, tadbirda Vazirlar Mahkamasining “Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlariga ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama etildi. Bu qaror loyihasi, o‘z navbatida, yuqorida qayd etilgan Prezident qarorining ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan. E’tiborga molik jihati, ushbu qaror bilan bir nechta muhim masalalarning tartibi belgilanadi. Masalan, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar va ularning voyaga yetmagan farzandlariga ijtimoiy xizmat ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti hamda markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining shoshilinch qabul bo‘limlarida birlamchi ko‘mak xonalarini tashkil etish va ularni jihozlash bo‘yicha minimal talablar qabul qilinishi kutilmoqda.

    Ta’kidlash joizki, BMTTD Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda xotin-qizlarni tazyiq va zo’ravonlikdan himoya qilish bo’yicha hamkorlikni yo’lga qo’ygan. Davra suhbatida BMTTD vakillari tomonidan shu hamkorlikga urg’u berilib, ayollar uchun odil sudlovning erishimligini oshirish yuzasidan qonunchilik ijrosining asosiy jihatlari taqdimot ko’rinishida yoritib berildi. Shu o’rinda, BMT Aholishunoslik fondi esa, oilaviy zo’ravonlikdan omon qolganlarga xizmatlar ko’rsatish bo’yicha standart tartib-taomillar, muvofiqlashtirilgan nogironlik bo’yicha xizmatlar ko’rsatish hamda tajovuzkorlar bilan ishlash dasturiga oid ma’lumotlarni havola etdi.

    Tadbir davomida fuqarolik jamiyati, NNT vakillari ham xotin-qizlarni tazyiq va zo’ravonlikdan himoya qilish bo’yicha qimmatli ma’lumotlar va taqdimotlari bilan bo’lishishdi.

    Xususan, Latviyaning “Marta Center” NNT tomonidan oilaviy zo‘ravonlik keys-menejmenti bo’yicha ilg’or xalqaro tajriba, O’zbekistonning “Oydin nur” NNT tomonidan fuqarolik jamiyati tomonidan boshqariladigan boshpanalarning oilaviy zo‘ravonlik qurbonlariga xizmat ko’rsatishida duch kelinadigan muammolar haqida ma’lumotlar berildi. “Sharoit Plyus” NNT vakili esa oilaviy zo‘ravonlikdan omon qolganlarga xizmat ko’rsatishda inklyuzivlik istiqbollari yuzasidan chiqish qildi.  

    Davra suhbati yakunida ishtirokchilar tomonidan ma’muriy reglament loyihasi yuzasidan berilgan taklif-tavsiyalari inobatga olindi va kelgusida ijtimoiy himoya tizimini yanada takomillashtirishda xizmat qiladi.

    Ulashish

    Neotechda ishlab chiqilgan